Ilgari psixologlar zilzilalar yoki boʻronlar kabi jamoaviy stressli holatlar va shaxsiyat oʻzgarishi oʻrtasidagi bogʻliqlikni topa olishmagan edi. Biroq, yoʻqotishlar yoki uzoq muddatli ijtimoiy izolyatsiya odamlarga taʼsir qilganga oʻxshaydi.
“Yoshlar injiqroq va stressga moyil, ishonchsiz, hamkorlik qilishdan qochadigan, masʼuliyatsiz boʻlib qolishdi”, deydi Florida universiteti tibbiyot kolleji professori Anjelina Sutin boshchiligidagi tadqiqot mualliflari.
Sutin va uning hamkasblari “Amerikani tushunish” onlayn soʻrovida qatnashgan 7109 nafar kishining feʼl-atvorini pandemiyadan oldin va pandemiya davomida oʻtkazilgan soʻrovlar asosida baholashgan. Ishtirokchilar beshta xususiyatni — nevrotizm, ekstraversiya, ochiqlik, xushmuomalalik va vijdonlilikni oʻlchaydigan keng qoʻllaniladigan shaxsiy testlarni toʻldirishgan.
18 yoshdan 109 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar pandemiyadan oldin, pandemiya boshida va oxirida oʻrtacha uchtadan test sinovida ishtirok etgan.
Pandemiyaning birinchi bosqichida (2020-yil martdan dekabrgacha) odamlarning feʼl-atvori nisbatan barqaror boʻlgan, pandemiyadan oldingi davrga nisbatan nevrotizm biroz past ekanligi kuzatilgan. Mualliflarning taʼkidlashicha, COVID yuzaga kelgan sarosimaning “sababini taʼminlagan”, uning natijasida odamlarda aybdorlik hissi kamaygan.
Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, nevrotizmning pasayishi pandemiyaning ikkinchi yarmida (2021-2022) yoʻqoldi va pandemiyadan avvalgi davrga nisbatan shaxsga nisbatan ekstraversiya, ochiqlik, xushmuomalalik va vijdonlilikning kamayishi bilan oʻrin almashdi. Oʻzgarishlar odatda hayotning har oʻn yilida kuzatilgan standart ogʻishning oʻndan bir qismini tashkil etdi. Eng katta oʻzgarishlar yoshlarda qayd etilgan va keksalarda oʻzgarishlar u qadar sezilmadi.
Mualliflarning fikriga koʻra, yoshlarning feʼl-atvor oʻzgaruvchan boʻlib, pandemiya ushbu yosh guruhiga salbiy taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin.
Tadqiqotchilar shaxsiyat oʻzgarishlari vaqtinchalik yoki uzoq davom etishini bilish uchun guruhni kuzatishda davom etadilar.