O‘zbekiston yil oxirigacha 35 million aholisining 70 foizini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda CGTN.
Unga ko‘ra, mamlakat epidemiyaga qarshi kurashda jiddiy vositaga ega. Yaʼni O‘zbekistonda Xitoy bilan birgalikda ishlab chiqilgan vaksinani ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Tafsilotlar CGTN muxbiri Barchinoy Jo‘rayevaning reportajida.
"Qariyb 25 foiz. Bu O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlangan aholining ko‘rsatkichidir. Mamlakatda emlash bepul amalga oshirilmoqda va emlash markazlarini topish juda oson. Ular viloyat tibbiyot markazlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda mavjud. Kiraverishda "COVID-19 ga qarshi emlash", degan yozuvlarga duch kelasiz", deydi CGTN muxbiri Barchinoy Jo‘rayeva.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash respublika emlash taqvimiga kiritilgan. Inyeksiyadan oldin bemorlar sog‘lig‘i haqidagi anketani to‘ldirishadi.
"Men o‘zbek-xitoy vaksinasini olishga qaror qildim, chunki turmush o‘rtog‘im ham bu vaksinani oldi va hozirda holati yaxshi", deydi bemorlardan biri.
Keyingi tekshiruv jarayonida esa shifokorlar vaksinaning qanday ishlashini tushuntiradi.
Toshkent shahridagi 47-sonli oilaviy poliklinika shifokori Nargiza Salimova vaksinaning taʼsiri haqida tushuntirdi.
"Inyeksiya joyida qizarish bo‘lishi mumkin, unga tegmaslik kerak. Bu tabiiy holat sababi organizm virus bilan jangga kirishadi. Agar holsizlik kuzatilsa, xavotirlanmaslik kerak. U o‘tib ketadi. Faqat siz yaxshi ovqatlanishingiz kerak. Agar harorat yuqori bo‘lsa, paratsetamol ichish kerak", deydi shifokor.
O‘zbekistonda emlash kampaniyasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Dori-darmonlarni hududlarga tashish uchun 16 ta katta sovutgichli yuk mashinalari sotib olindi. Ulardan uchtasi vaksinani minus 70 gradusda tashishga imkon yaratadi. Yana 206 ta kichikroq muzlatgichli avtomobillar viloyat markazlaridan tumanlarga vaksinani yetkazishga xizmat qiladi. Asosiysi, har bir bosqichda kerakli harorat rejimini taʼminlashdir.
"Bu muzlatgichlarda vaksinalar +2 dan +8 darajagacha haroratda saqlanadi. Bu yerda har qanday vaksinani sovuqlik zanjirini buzmasdan saqlashimiz mumkin", deydi Toshkent shahridagi 47-oilaviy poliklinika vaksinatori Aziza Abduazimova.
Homiladorlik, emizikli ayollar va ayrim surunkali kasalliklar. Emlash uchun juda yuqori kontrendikatsiyalar mavjud emas. Hatto qariyalar ham emlashni normal qabul qilishadi.
"Birinchi marta hech qanday og‘riqni sezmadim, nojo‘ya taʼsirlar ham bo‘lmadi. Ikkinchi doza uchun emlashga chaqirishdi. Menimcha, barcha kasallikdan himoyalanish uchun emlanishi kerak", deydi mahalliy aholidan biri.
O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat nisbatan barqaror, lekin xalqaro vaziyat va yangi shtammlarning paydo bo‘lishi ommaviy emlashni talab qiladi. Yana bir eʼtirofga loyiq jihat shundaki, O‘zbekistonda 6 turdagi vaksinalardan birini tanlash imkoniyati mavjud. Maʼlumotlarga ko‘ra, har kuni o‘rtacha 300-350 ming kishi koronavirusga qarshi emlanmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati o‘rinbosari Nurmat Otabekov quyidagilarni qayd etdi:
"Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga yetkazib berilgan vaksina 29 mln dozani tashkil etadi. Ulardan 17 million dozasidan allaqachon foydalanib bo‘ldik. Taxminan 5 million aholi emlashning to‘liq kursini oldi va bu aholining taxminan 25 foizini tashkil qiladi", dedi u.
Oltita vaksinadan ikkitasi O‘zbekistonda ishlab chiqariladi. Bular o‘zbek-xitoy va "Sputnik V" vaksinalaridir.
"Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari bilan birgalikda O‘zbekistonda III bosqich klinik tadqiqotlarni o‘tkazdik. Bizning birgalikdagi ishimiz muvaffaqiyatli o‘tdi va biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizga minnatdorchilik bildiramiz.
Shuningdek, biz 106 ta holatda maʼlum shtammlarga qarshi emlash samaradorligini tahlil qildik. Alfa shtammidan himoya taʼsiri 92,93 foizni, Delta shtammiga qarshi - 77,47 foizni, Kappa shtammiga qarshi - 90 foizni tashkil etdi", deydi "Anhui Hefei Longcom" biofarmatsevtika kompaniyasi vakili Gao Linvey.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova ham vaksinani ishlab chiqarish jarayoni haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
"O‘zbek olimlari tadqiqotning laboratoriya qismida bevosita ishtirok etmagan, ammo vaksinaning taʼsiri, samaradorligini o‘rganish juda muhim jarayon edi. Chunki bu vaksina taʼsiri dunyoda, shuningdek O‘zbekistonda ham maʼlum emas edi", dedi u.
O‘zbekistondagi “Zifivax” klinik tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, u yangi shtammlarga nisbatan Amerikaning zamonaviy farmatsevtika kompaniyasi preparatidan olti barobar samaraliroq. Uning ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi mamlakatning yil oxirigacha aholining 70 foizini emlanish haqidagi maqsadiga erishishga yordam beradi.