
“Jurabek Laboratories” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan mazkur vaksinani ishlab chiqarish Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlab chiqarishning tashkil etilishi O‘zbekiston va Xitoy olimlari, virusologlarining hamkorligi natijasidir.
COVID-19ga qarshi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Mazkur vaksina 3-faza klinik sinovlari natijalariga ko‘ra 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76%, “britancha” shtammga qarshi esa 92,93% tashkil etdi.

Preparatning ampula shaklini ishlab chiqarish Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. biofarmatsevtika korxonasida ishlab chiqarilgan vaksinaning original substansiyasi asosida amalga oshirildi.